U yoki bu mahsulotlarni xarid qilishga undash uchun marketologlar qanday hiylalarni qo‘llamaydi deysiz. “Foydali yogurtlar”, “vitaminlarga boy sharbatlar”, “kumush kristallarga ega mineral suv” kabi reklama shiorlarini kun davomida bir necha bor eshitamiz. Ular qanchalik haqiqatga yaqin?

Qadoqlangan sharbatlarning organizm uchun hech qanday foydasi yo‘qligini ko‘pchilik biladi. Gap shundaki, ularning tarkibida katta miqdordagi shakar, konservantlar va boshqa zararli moddalar mavjud.

Yangi siqilgan sharbatlar ham unchalik foydali emasligini eshitib hayron bo‘lishingiz mumkin. Ularda sarhil mevalardan farqli ravishda biriktiruvchi to‘qima — klechatka mavjud emas. Klechatka esa organizm uchun juda foydali sanaladi. Bunday sharbatlarda ham shakar ko‘p bo‘ladi.

Marketologlar aksariyat hollarda mahsulotlar qadog‘iga katta harflar bilan “0 foiz yog‘” yoki “yog‘sizlantirilgan” degan yozuvlardan foydalanadi. Bunday mahsulotda ko‘p miqdorda shakar bo‘lmaganda, ular haqiqatda foydali bo‘lishi mumkin edi. Xulosa — barcha yogurtlar va qo‘shimchalar qo‘shilgan tvoroglar sog‘lom mahsulot emas.

Ko‘pchilik foydaliroq va ko‘proq vitaminga ega deb jigarrang shakarni iste’mol qilishni afzal ko‘radi. Aslida bu ham unchalik to‘g‘ri emas. Jigarrang shakarga ko‘proq ishlov beriladi. Umuman olganda, har ikkala shakar turi ham tarkibi jihatidan bir xil.

Yaxna ichimliklardan ko‘p hollarda choyni tanlaymiz. Bu ham navbatdagi nayrang. Yaxna choy ham shirin gazlangan ichimliklardan ko‘p farq qilmaydi. Uning tarkibi shakar, shakar o‘rnini bosuvchi moddalar, ta’m kuchaytirgichlar va rang beruvchilardan iborat.

Aldanib qolmaslik uchun qadoqdagi katta harflar bilan yozilgan yozuvlarga e’tibor bermang. Mahsulot tarkibini diqqat bilan o‘qing. Xarid qilinadigan taom va ichimliklardan o‘zingiz tayyorlagan mahsulotlarni afzal ko‘rishni tavsiya etamiz. Ularning tarkibini siz albatta aniqroq bilasiz.

manba: Daryo.uz

ULASHISH