AQShning Sietl shahridagi Hagens Berman yuridik firmasi Germaniyaning Volkswagen avtokonserni shu’ba korxonasi — Audi’ga qarshi jamoaviy da’vo kiritdi. Audi avtomobillari egalari nomidan yozilgan shikoyat arizasida kompaniya motorlarning ekologik talablarga javob berishi bo‘yicha testlar natijalarini soxtalashtirishda ayblanadi, deb xabar bermoqda “Korrespondent.net”.

Arizada A6, A8, Q5, Q7 modellari alohida qayd etilgan. Da’vogarlar tovon puli undirishni hamda mashinalarning asossiz ravishda ko‘tarib qo‘yilgan narxlarini to‘g‘rilashni talab qilmoqda.

Noqonuniy dasturiy ta’minot Kaliforniya atmosfera resurslari kengashi (CARB) tomonidan Audi’ning benzinli modellarida aniqlandi.

“Federal hukumat o‘rnatgan ekologik me’yorlarga va xaridorlarning ehtiyojlariga bu qadar behayolarcha bepisandlik qilinishini qabul qilib bo‘lmaydi”, — deyiladi arizada.

O‘tgan yili Volkswagen va Audi’ning dizelli motorga ega modellarida shu kabi ekologik ko‘rsatkichlarni soxtalashtiruvchi dasturiy ta’minot aniqlangan edi. Ammo benzinli modellarda aniqlangan, atmosferaga keltirilayotgan zararni kamaytirib ko‘rsatuvchi soft o‘tgan yilgidan farq qiladi, deyiladi da’vo arizasida.

manba: Daryo.uz

ULASHISH