Farzandingiz maktabda a`lo baholarga o`qishi, yaxshi o`zlashtirishi va to`g`ri rivojlanishi uchun taomnomasiga alohida e`tibor qaratishingiz zarur. Quyidagi mahsulotlar bolalar taomnomasiga kiritilishi shart va zarurdir!

Baliq go`shti – Omega-3 yog` kislotasi, yod, fosfor va miya faoliyati uchun zarur bo`lgan juda ko`p vitamin va minerallarga boy. Haftada ikki marta farzandingiz uchun baliq go`shtidan taom yoki egulik tayyorlab bering.

Tuxum – sarig`ida sink (ruh) oqida esa xotirani mustahkamlash uchun zarur bo`lgan elementlar bor. Allergik ta`sirlar kuzatilmasligi uchun bir haftada 1-2 marta nonushta vaqti 2 dona tuxumni qaynatib bering.

Yong`oqlar – dumaloq yong`oqni bejiz miya shakliga o`xshatishmaydi. Foydali hususiyatiga ko`ra, aqliy faollikni oshiradi. Er yong`og`i esa E vitaminiga boy bo`lib, asabni tinchlantiradi.

Sut va yogurt – 1 stakan sutda farzandingizning suyak tizimi hamda miya hujayralari faoliyati uchun muhim bo`lgan birikmalar bor. Nonushtaga yog`lilik miqdori kam yogurt bo`lsa, uyqudan oldin iliqqina sut kifoya qiladi.

Yog`siz go`sht – temir va sink moddalarining zahirasi. Rivojlanayotgan organizmni quvvatlantirib, moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Bolalar uchun go`shtni bug`da yoki dimlab pishirgan ma`qul.

Suli yormasi – bolalar uchun eng yaxshi nonushta. Ayniqsa, maktab o`quvchilari nonushtaga suli yormasidan bo`tqa eb olsalar, kun davomida kayfiyatlari a`lo bo`lib, faqat yaxshi baho oladilar. Chunki sulida aqliy faollik uchun zarur komponentlar juda ko`p.

Meva va sabzavot sharbatlari – olma, sabzi, lavlagi hamda sholg`om sharbatlari bola organizmini turli kasalliklardan himoya qiladi.

Meva qoqsi – turshak, mayiz va olxo`ri qoqidan tayyorlangan kompot yoki o`zini iste`mol qilish ichaklar yurgazuvchanligini yaxshilab, qabziyatni bartaraf etadi.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH