“Aql bovar qilmaydi!”. Oqsaroy oldidagi yarim kilometrlik yo‘ldan bemalol o‘tgan haydovchilar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi

Toshkentda 29-noyabr kuni Afrosiyob ko‘chasining Oqsaroy qarorgohi oldidan o‘tgan, Rashidov va Beshyog‘och ko‘chalarini bog‘lovchi qariyb yarim kilometrlik bo‘lagi transport harakati uchun ochildi.

oqsaroy-1

Mazkur yangilik haydovchilar tomonidan xursandchilik bilan qarshi olindi. Ular Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” va “Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)” guruhlarida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan.

oqsaroy-2

“Aql bovar qilmaydi. Lekin yaxshi va qulay!”, — deb yozadi bu yo‘ldan o‘tish vaqtida Oqsaroy qarorgohini ham suratga tushirishga ulgurgan haydovchilardan biri.

oqsaroy-4

“Ur-re, hozirgina bu yo‘ldan o‘tdim — hech kim to‘xtatmadi!”, — deydi yana bir foydalanuvchi.

Yo‘l ochilgan kuni undan o‘tib ko‘rgan boshqa bir foydalanuvchi esa: “Butun umr o‘zimni Prezidentdek his qilib ko‘rishni xohlardim”, — deb, yo‘ldan surat ulashgan.

oqsaroy-3

“Voditeli Tashkenta” foydalanuvchilarining yozishicha, Afrosiyob ko‘chasining bu qismi 1999-yildan beri yopiq edi. Ko‘pchilik “bu yo‘l qachon yopilgan edi”, degan savolga “eslolmayman”, deb javob bergan.

oqsaroy-5

Foydalanuvchilar Oqsaroy oldidagi yo‘ldan nafaqat fotolar, balki videolar ham ulashgan. Foydalanuvchilardan biri bu voqeaga: “Yo‘llarni liberallashtirish ham boshlandi”, — deb ta’rif bergan.

“Voditeli Tashkenta” va “Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)” a’zolari Toshkentdagi avval yopilgan yoki transport harakati cheklangan boshqa ko‘cha va yo‘llar ham ochilishiga umid bildirgan.

Xususan, Markaz-5 mavzesidan Mustaqillik maydoniga olib chiqiladigan yo‘l qayta tiklansa, Oloy bozori oldidagi tirbandlik qisman yechilishi aytilgan.

manba: Daryo.uz

ULASHISH