Jorjiya texnologiyalar universiteti (AQSh) mutaxassislari mushuk tilining tuzilishini patentlab qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.

The Washington Post nashrining bildirishicha, Aleksis Noel boshchiligidagi olimlar guruhi katta hajmli printer yordamida mushuk tilining to‘rt barobar kattalashtirilgan modelini tayyorlab, uni AQSh fizika jamiyatining Portlenddagi (Oregon shtati) bo‘linmasi yig‘ilishida namoyish qildi.

Olimlarning fikricha, mushuk tili keratinli ilmoqlar bilan qoplangan bo‘lib, yungni tarash va chigalni yozish uchun juda yaxshi moslashgan. Mushuk badanini yalaganida uning tili bir paytda to‘rt yo‘nalishda harakatlanadi. Mushukning tilini o‘ziga xos taroq desa ham bo‘ladi.

Noel va uning hamkasblari xuddi shu shakldagi mexanik qurilma turli sohalarda asqatishi mumkin deb hisoblamoqda. Ular, go‘zallik salonlari va sartaroshxonalardan tashqari, tibbiy muolaja xonalarini nazarda tutmoqda.

Bundan tashqari, ushbu mexanizm tor joylarda harakatlana oladigan robotlar konstruksiyasida qo‘llanilishi mumkin. Bunday robotlar, o‘z navbatida, jarrohlik amaliyotlarida va qutqaruv operatsiyalarida ishtirok etishi mumkin.

manba: Daryo.uz

ULASHISH