AQSh Energetika departamentining yadroviy qurollar bo‘yicha eksperti Robert Kellining ma’lum qilishicha, iPhone smartfoni Rossiyaning yangi, “Satana 2” nomi bilan tanilgan RS-28 “Sarmat” qit’alararo raketalaridan ming marta aqlliroqdir. Bu haqda u NBC News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Hi-tech.Mail.ru”.

Rossiyaning RS-28 “Sarmat” raketasi ustidagi ishlar 2011-yili boshlangan. Qit’alararo ballistik majmua jahondagi eng kuchli yadroviy qurol sanaladi — uning jangovar zaryadi quvvati 40 megatonnaga yetadi.

2018-yildan boshlab yangi raketa 1970-yillarda “Janubiy” konstruktorlik byurosi tomonidan ishlab chiqilgan RS-36M “Satana” modeli o‘rnini egallaydi — RS-28 “Sarmat”ni “Satana 2” deb atashlari boisi shundan.

Biroq amerikalik ekspertning fikricha, bir zarbda AQShning Sharqiy sohilini yo‘q qilib yuborishga qodir bu raketa o‘tmishda qotib qolgan. Xususan, uning aytishicha, “Satana 2”ning elektron qismlari 1970-yillar darajasida qolgan.

Rossiyaning yangi raketalari haqida amerikalik ekspert, jumladan, shunday deydi:
“Raketa bosib o‘ta oladigan masofa, uning vayronkor portlash kuchi xuddi avvalgisidek bo‘ladi, biroq uning nishonlarni urishdagi ishonchliligi va tez o‘zgarishi olishini oshirish zarur. Bu raketa tizimlari ilk bor 1970-yillarda ishlab chiqilgan, shu sababli ham hozir bitta iPhone’ning o‘zi bu raketalardan ko‘ra ming marta ko‘p ish qila oladi. O‘sha davrning ko‘plab beo‘xshov elektron sxemalari hozir hech qayerda mavjud emas va odamlar bu sxemalarni qayerdan topish mumkinligini ham bilmaydi”.

manba: Daryo.uz

ULASHISH