9-noyabr tongida milliarder Donald Tramp AQSh prezidentiga aylangani ma’lum bo‘ldi, vaholanki, sotsiologlar va tahlilchilar saylov poygasida uni hech qachon birinchi o‘ringa qo‘ymagan edi. Meduza nashri ingliz tilidagi matbuotning Tramp saylanishiga bag‘ishlangan eng ahamiyatli maqolalarini bir sahifaga jamladi.

NYT: Pol Krugman — biz global tushkunlik tomon harakatlanmoqdamiz

Pol Krugman, amerikalik iqtisodchi, iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi:Donald Tramp prezidenti bo‘lishi, aftidan, oydinlashib qoldi va bozorlarda pasayish kuzatilmoqda. Ular endi qachon ko‘tarilishi mumkin? To‘g‘risi, bu mening ixtisosligim bo‘lsa-da, hozir bunga ahamiyat bera olmayman. Amerika va butun dunyo uchun fojianing ko‘plab jihatlari borki, bunda iqtisodiy oqibatlar mening xavotirlarim ro‘yxatida birinchi o‘rinda emas. Shunga qaramay, odamlar javob istayapti, deb o‘ylayman: agar savol bozorlar qachon tiklanadi, deb qo‘yilsa, mening birinchi javobim — hech qachon. Jahonning eng muhim iqtisodiyoti tepasiga noto‘g‘ri odamlar qurshovidagi mas’uliyatsiz, johil odamning qo‘yilishi har qanday holatda ham yomon. Moliyaviy inqirozdan keyingi sakkiz yil ichida dunyo qanchalik noziklashgani ham vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Endi biz oxiri ko‘rinmas global retsessiya tomon harakatlanishimiz ehtimoli juda katta. Qachondir, balki, omadimiz kelar. Biroq hozir, boshqa har narsa qatori, iqtisodiyot uchun ham dahshatli hodisa yuz berdi.

The New York Times saylovda Hillari Klintonni qo‘llab-quvvatlagan edi.

The New Yorker: Amerika fojiasi

Devid Remnik, The New Yorker haftanomasi bosh muharriri: Donald Trampning saylanishi — Amerika respublikasi, konstitutsiyasi fojidasidan o‘zga narsa emas; Donald Trampning saylanishi — ham Amerikadagi, ham xorijdagi mahalliychilik, avtoratirizm, ayollarga nafrat va irqchilikni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlarning tantanasidan boshqa narsa emas. Trampning hayratlanarli g‘alabasi, uning prezidentlikkacha bo‘lgan yo‘li — AQSh va liberal demokratiya tarixidagi ko‘ngilni behuzur qiladigan voqeadir. 2017-yilning 20-yanvar kuni biz birinchi afroamerikalik prezident, samimiy, munosib inson bilan xayrlashamiz va — ksenofobiya va oq irq ustunligi g‘oyalari tarafdorlarining qo‘llovini rad etish uchun hech bir ish qilmagan qallobning inauguratsiyasiga guvoh bo‘lamiz. Bunga nafrat va chuqur xavotir bilan munosabat bildirishdan o‘zga imkon yo‘q.

Achinarli oqibatlardan qochib qutilib bo‘lmaydi: Kongressdagi o‘ng kuchlardan madad olgan yanada johilroq Oliy sud, ayollar va ozchilik vakillarini pisand qilmasligini bir necha bor namoyon etgan prezident. Tramp — nafaqat hadsiz beadab, bilimsiz milliy yetakchi, balki ojizlar, kuchsizlar, eng avvalo, u tomonidan qattiq haqoratlangan “boshqalar”ning yuragiga g‘ulg‘ula soluvchi hamdir. “Boshqalar” — afroamerikaliklar. Lotin amerikaliklar. Ayollar. Yahudiy va musulmonlar. Ushbu achinarli voqea (va uning oqibatlari)ga nazar solishning eng umidbaxsh usuli — bundan keyingi yillar va saylovlar Amerika tuzilmalari uchun mustahkamlik — yoki noziklik sinovi bo‘lishiga umid qilishdir. Bu bizning intilishlarimiz va dadilligimiz tekshiruvi bo‘ladi.

The New Yorker saylovda Hillari Klintonni qo‘llab-quvvatlagan edi.

Vox: Trampga OAVning Klinton yozishmalari bilan bog‘liq arzimas mojaro atrofida o‘ralashib qolishi yordam berdi

Mettyu Iglesias, Vox jurnalisti: 2016-yilgi saylov kampaniyasini yoritgan nashrlar uni Donald Tramp uchun yutib bermadi, biroq Trampning g‘alabasiga yordam berdi. Sentabrdayoq Gallup eng muhim va matbuotda keng quloch yoyishi zarur bo‘lgan tadqiqot natijalarini e’lon qilgan edi. Ular uzoq vaqt davomida so‘rov o‘tkazib, prezidentlikka nomzodlar haqida odamlar nima bilishini o‘rganib chiqqan. Ma’lum bo‘lishicha, Hillari Klinton bo‘yicha ko‘pchilik uning elektron xatlari haqida eshitgan. Tramp haqida esa aytarli hech narsa eshitmagan.

Agar saylov kampaniyasi haqidagi materiallar shunchaki maqolalar ketma-ketligi emas, balki Tramp va Klinton haqida jamoatchilik fikrini shakllantirishga umumiy urinish deb ko‘rilsa, unda biz yutqazdik. Bu Gallup’ning grafiklaridan ham ko‘rinib turibdi. Odamlar Klintonning yozishmalari bilan bog‘liq qandaydir ko‘ngilsizlik yuz bergani haqida aniq va tiniq eshitgan, biroq Tramp haqidagi maqolalar — Gallup’ning tadqiqotidan so‘ng yuz bergan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ayblov mojarosini hisobga olmasa — kerakli manzilga yetib bormagan. Boz ustiga, bu qadar ko‘p salbiy maqolalar Trampning foydasiga ishladi, degan qarash ham yo‘q emas. Trampning atrofidagi barcha mojarolar haqida hikoya qilishga urinib, matbuot shunday bir chalkashlikni keltirib chiqardiki, uning ichidan biror tayinli narsani topish amri mahol edi.

Vox saylovda Hillari Klintonni qo‘llab-quvvatlagan edi.

The Guardian: AQSh o‘z tarixidagi eng xavfli yetakchini tanladi. Xavotirlanishga asosimiz bor

Jonatan Fridland, Britaniyaning The Guardian gazetasi kolumnisti: AQSh yo‘qlikdan ortga qayta oladi, deb o‘ylagandik. Amerikaliklar oxir-oqibat jahondagi eng nufuzli lavozimni beqaror takabbur, jinsiy yirtqich va tuzatib bo‘lmas kazzobga berib qo‘ymaydi, deb ishongandik va so‘rovlar bizni bunga ishonishga majbur qilgandi.

Butun dunyo bo‘ylab odamlar 2016-yilgi saylovoldi kampaniya dahshatlarini Tramp ko‘rinishidagi mudhishlik oxir-oqibat tugashiga ishonib kuzatdi. Biroq bugun AQSh — paydo bo‘lganidan beri butun dunyoni mayoqdek ilhomlantirib kelgan, o‘zini “Yerning so‘nggi umidi” deb atagan va sakkiz yil avvalgi xuddi shunday tongda Barak Obama qayd etganidek, tarixning borishini adolat tomon yo‘naltirgan mamlakat — tubsiz jarlikka qadam qo‘ydi.

Bugun AQSh — butun dunyo uchun namuna emas, balki qo‘rquv manbaidir. Birinchi ayol prezidentni tabriklash o‘rniga, ular aqlbovar qilmas hokimiyat va oliy kursini o‘zining nodonligi, irqchiligi va ayollarga nafrati ichra suzib yuruvchi odamga topshirishga qaror qilishdi. Bilganlar uni jamiyat uchun juda xavfli shaxs, deb ataydi. Va shunday odamga qanday aqlbovar qilmas hokimiyat nasib etmoqda. Respublikachilar prezident saylovida g‘alaba qozonib, nafaqat barcha prognozlar, taxminlar va kompyuter modellarining natijalarini yo‘qqa chiqardi. Ular, shuningdek, Vakillar palatasi va Senat uchun saylovlarda ham g‘alaba qozondi. Trampning tantiqligi kamdan-kam shubha ostiga olinadi. O‘z xatti-harakatlarini nazorat qila olmaydigan insonni cheklab bo‘lmaydi, superdavlatning qudrati esa uning shaxsiyati va manmanligi yo‘lida xizmat qiladi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH