Alkogol iste’mol qilishdan butunlay voz kechish salomatlikka ziyon keltirishi, uni kam miqdorda iste’mol qilish esa organizmga ijobiy ta’sir o‘tkazishi mumkin ekan. Avstraliyaning Tasmaniya universiteti olimlari shunday xulosaga kelishdi, — deb yozadi Live Science portali. Bu haqda mir24.tv xabar berdi.

Duk Du boshchiligidagi mutaxassislar guruhi o‘rtacha yoshi 29,5 bo‘lgan 2200 kishi orasida tajriba o‘tkazdi. Tajriba ishtirokchilarining 13% umuman ichmaydigan, 54% kuniga 10 grammdan kam, 22% kuniga 10-20 gramm, 5% — 20-30 gramm, 6% — 30 grammdan ortiq spirt iste’mol qilishar edi.

Shifokorlar alkogol iste’mol qilish va yurak-qon tizimida patologiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan metabolik sindrom kasalligi o‘rtasida aloqani topishdi. Yuqori qon bosimi, qonda qand miqdorining yuqori bo‘lishi, organizmda “foydali” xolesterin ko‘rsatkichining past bo‘lishi, bel sohasining katta bo‘lishi bu kasallikning belgilari hisoblanadi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra alkogol iste’mol qilishdan butunlay bosh tortgan kishilarda o‘rta hisobda bel sohasi katta, organizmdagi “foydali” xolesterin ko‘rsatkichi past bo‘lgan. Kuniga kam miqdorda spirt iste’mol qiluvchilarda esa bu belgilar kuzatilmagan. Ayni vaqtda kuniga 20 grammdan ko‘p spirt iste’mol qiluvchilar yuqori qon bosimidan aziyat chekkanlar.

ULASHISH