Rejissor Jahongir Ahmedov Instagram’dagi sahifasida aktyor Matyoqub Matchonov bilan birga tushgan suratini e’lon qildi. Ahmedovning qayd etishicha, taniqli aktyor bilan hamkorlikda, “talablarga binoan, yangi kinokomediya”ni suratga olish ishlari boshlangan.

Jurnalist Feruz Muhammad yangi film haqida batafsil axborot olish maqsadida, rejissor bilan bog‘landi.

“Hayotiy voqeaga asoslangan super-komediya suratga olishga kirishganmiz. Bundan avval suratga olingan ‘Tilim qursin’ komediyasida ham xuddi hozirgidek katta shijoat, katta kuch bilan miriqib, o‘zimiz mazza qilib ishlagan edik, hozir ham shunday bo‘lyapti. Yangi film hozirgacha olingan komediyalarning har qanday formatlaridan yuqori darajada bo‘ladi. Film g‘oyasi, ijodiy jamoa va ish jarayoning o‘zi nihoyatda qaynoqligi bilan ham bu fikrimni asoslashim mumkin”, — deydi Jahongir Ahmedov.

“Hozircha film g‘oyasi haqida ma’lumot bera olmayman, ammo filmning ishchi nomi ‘Supraqoqdi’ ekanini aytishim mumkin. Filmda bosh rollarni Matyoqub Matchonov hamda Ra’no Yarashova ijro etadi. Bilasiz, har bir filmda debyutant aktyor, aktrisalarga ishonib, ularning qobilyatiga qarab, katta-kichik rollar beraman. Yangi kartinada ham Matyoqub Matchonov va Ra’no Yarashova tajribasi soyasida yangi chehralarga katta imkoniyat bermoqchiman”, — deya qo‘shimcha qildi rejissor.

Filmni tasvirga olish jarayoni qachon yakuniga yetib, taqdimoti qachon bo‘lishi haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

manba: Daryo.uz

ULASHISH