Qo‘shiqchi Amira Alibekova Najot Agzamov rahbarligidagi “Maestro” prodyuserlik markazi bilan shartnomasi yakuniga yetgach, o‘tgan vaqt davomida kuylagan qo‘shiqlari va Amira taxallusisiz qolib ketgandi. “Sayyod.com” bu haqda asl ismi Adelya bo‘lgan va Amira bo‘lib tanilgan qizning o‘zidan fikr oldi.

“Najot Agzamov taxallusim va repertuarimdagi qo‘shiqlardan foydalanish huquqini menda qoldirishga va’da bergandi. Hatto, 16-noyabr kuni huquqshunosim bilan kelishim kerak bo‘lgan uchrashuvni ham tayinlagandi”, — deb gap boshladi Adelya Alibekova.

“Biroq bir kun avval u o‘z fikrini o‘zgartirganini ma’lum qilib, uchrashuvni bekor qildi. Vaholanki, 2011-yil direktor Behruz G‘oipov guvohligida, 5 yillik shartnoma tuzishdan oldin qo‘shiqlarim va taxallusimni o‘zimda qoldirishga va’da bergandi. Men esa kechagi kunga qadar ijro etgan qo‘shiqlarim sizlar bilan qolishiga ishongandim”.

“Nima ham deya olaman, bu uning huquqi. U nom va qo‘shiqlarnigina olishi mumkin, qolgani esa Allohdan”, — dedi Adelya.

“Amira loyihasi yopilgandir. Biroq bu Adelya Alibekova yo‘q bo‘lganini bildirmaydi. U ishlaydi, harakatda davom etadi. Qolganini esa vaqt joy-joyiga qo‘yadi. Yaqin orada muxlislarimni yangi qo‘shiq va kliplar bilan xursand qilishga harakat qilaman”, — deb fikrini yakunlagan Xonanda.

Ma’lumot uchun, Adelyaga qo‘shilib Esmeralda Rahmatova ham Tamila taxallusidan ayrilgan. Prodyuserlik markazi faqatgina Yagonaning taxallusini qo‘shiqchining o‘zida qoldirgan.

ULASHISH