Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrda qabul qilingan “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o`tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo`lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to`g`risida”gi qarori bilan bojxona chegarasidan olib o`tilishi, muomalaga kiritilishi taqiqlangan va cheklangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar ro`yxatlari tasdiqlangan.

Joriy yilning o`tgan 9 oyi mobaynida bojxona organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 90 ga yaqin bojxona qoidabuzarliklari natijasida 5,5 ming donadan ortiq psixotrop tabletkalarning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yilgan.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi bojxona organlari tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatlar mavjudligini va ularda ko`rsatilgan ma`lumotlarning jismoniy shaxsdagi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning nomlariga va soniga muvofiqligini belgilangan tartibda nazorat qiladilar.

Jismoniy shaxslar tomonidan tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatda va bojxona organiga bildirilgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar nomlari va sonidan ortiq bo`lgan taqdirda ortiqchasi olib qo`yiladi va belgilangan tartibda yo`q qilinadi.

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to`g`risidagi Nizomga ko`ra giyohvandlik vositalarini 7 sutkalik ehtiyojdan ortiq bo`lmagan miqdorda olib kirishga yashash yoki bo`lish mamlakatining tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan, davolash kursining tavsiya etiladigan soni ko`rsatilgan hujjatlar mavjud bo`lganda ruxsat beriladi.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH