Cho`lponning bir hikoyasida yoshi 36 ga chiqqan, 18 yashar qizi bor ayol «kampir» deb tasvirlanadi. Yuz yil avval chindan ham shunday edi: 16 yoshda turmushga chiqqan va ketma-ket o`n farzand ko`rgan ayolning jismi horg`in, ruhi tashvishlardan siniq. Bugun esa 30-35 yoshlarda turmushga chiqayotgan qizlar, 40 yoki 50 yoshida oila qo`rg`onini qayta qurishga jazm qilayotgan ayollar ham bor. Zamon o`zgarmoqda, endi turmush sharoiti yaxshilangan, insonning o`rtacha umri uzaygan, tibbiyot rivojlangan davrda hayot atalmish lazzatli buloq suvini uzoqroq sipqorsa, buning nimasi yomon? Baxtli bo`lishga hech qachon kech emas. Xo`sh, 30, 40, 50 yoshdan keyin ayol oila qura oladimi? Agar qursa, u qanday oila bo`ladi? Shu savollar ustida o`ylanamiz.

30 yoshdan keyin turmushga chiqish: mumkinmi?

Ba`zida yoshi 30 ga chiqqan qiz risoladagidek oila qurish imkonidan mahrum «qariqiz»ga chiqariladi. Go`yoki endi u hech kimni qiziqtirmaydi, birov uylanaman deb qolsa, surishtirib o`tirmay turmushga chiqaverishi kerak. U odam avval bir emas, bir necha marta uylangan, har bir nikohdan bir-ikkidan bolalari bo`lsa, nima qipti? Asosiysi, olaman deyapti-yu, u yog`i bir gap bo`lar… To`xtang! Bunaqa xayollarga barham bering. Biz XXI asrda yashayapmiz. Hozir hamma tushunchalar qayta ko`rib chiqilayapti va baholanayapti. Endi xunuk, qo`lidan ish kelmaydigan, noshud qizlar emas, olima, fozila, latofatli va faol go`zallar o`ttizga chiqib turmush qurishi ko`p uchrayapti. Axir, bozorda aravalar tez sotilib ketadi, «JIP» mashinasi esa o`ziga qurbi etadigan xaridorni kutib biroz turib qoladi-da. Lekin baribir «Jip» bu «Jip» — sotilmay qolib ketmaydi. Shuning uchun yoshingizga emas, o`zingizga yuqori baho bering, qizlarjon! Atrofdagilarning «Haliyam turmushga chiqmadingmi? Sen tengilarning farzandi maktabga borayapti» mazmunidagi pisandalariga e`tibor bermang. Siz aql bilan, o`ylab, oilaning qadriga etib turmushga chiqasiz. Boshqalarga o`xshab arzimas bahonalar bilan ajrashib ketmaysiz. Eringiz bilan bo`lar-bo`lmasga bahslashavermaysiz, bir-biringizni anglashga tayyor turasizlar. Chunki sizlar o`zini bosib olgan, mulohazakor yoshda oila qurdingiz. Eringiz siz bilan zerikmaydi, o`zini ancha bosib olgan erkak engil-elpi sarguzashtlarni deb oilasidan voz kechmaydi. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, 30 yoshdan keyin oila qurganlar juda kam hollarda ajrashib ketisharkan. Demak, oilangiz mustahkam bo`ladi. Mabodo (Xudo ko`rsatmasin) turmushingiz bo`lmay qolsa ham, bolalaringizni biror narsaga zoriqtirmay katta qilishga qurbingiz etadi. Axir, shuncha yil bekor yurmagansiz-ku. O`qigansiz, ishlagansiz, karera, ilm, hunar deganlaridek… Xullas, hali hammasi oldinda, pardozingizni o`rniga qo`yib, qaddingizni bukmay, kelajakka umidlar bilan qarayvering. Bu sizga yarashadi!

40 yoshdan keyin turmushga chiqish: kerakmi?

40 yoshdan keyin turmush qurmoqchi bo`lgan ayol qanday ayol? Ayrimlari turmushdan ajrashgan, farzandlari katta bo`lib qolgan, hademay qudalik yoki nabiralik bo`lishi tayin. Lekin u yolg`iz. Xo`sh, tengini topsa, oila qursa, buning nimasi yomon? Men 40 yoshda qizini uzatib, 41 yoshda nabira ko`rgan, 42sida esa 50 yoshlik erkakka turmushga chiqib, qo`sha qarigan ayolni bilaman. 47 yoshida ham yoshlik tarovatini yo`qotmagan, 55 yashar, xotini o`lgan erkak bilan ulkan muhabbat ortidan turmush qurgan va bir necha yillardan beri baxtli yashab kelayotgan oilani taniyman. Erkakning qizini uzatishdi, yaqinda ayolning o`g`lini uylantirishmoqchi. Xullas, hayotda hamma narsa bo`lishi mumkin. Ayrim ayollar moddiy ahvolini yaxshilash uchun turmushga chiqishadi. Hisob-kitobli bo`lsa-da, bunday nikohlar ham bardavom bo`lishi mumkin. Asosiysi, inson baxtdan umid uzmasin, yoshim katta bo`lib qoldi, deb o`zini yolg`izlikka mahkum etmasin. Balki ayolning moddiy ahvoli joyidadir, shunchaki yolg`izlik joniga tekkanidan turmushga chiqar, balki shu yoshida haqiqiy muhabbatini uchratar. Bir qo`shnimiz sinfdosh qizini yoshligida yaxshi ko`rgan ekan. Ammo taqdir bo`lmagan, oila qurisholmagan. Keyin qiz ajrashib ketdi, yigitning ayoli saratondan vafot etdi. Va ular 45 yoshda (!) oila qurishdi.

Musulmonchilikda ham beva ayolning uzoq vaqt yolg`iz yashashi mumkin emas, albatta, kimdir uni nikohiga olsa, savob bo`ladi deyiladi. Demak, «kerakmi?» degan savolga javob beramiz: «kerak», agar ehtiyoj bo`lsa. Ha, ehtiyoj, bu — alohida masala. Chunki bolalari katta bo`lib qolgan, erta-indin buvi bo`ladigan ayolning rejalarida erga tegish umuman bo`lmasligi ham mumkin. Undaylar uchun mavzu yopiq. Biroq yolg`izlikdan qochmoqchi bo`lganlar, yoshlari 40 dan o`tgan bo`lsa ham, baxt eshiklari ular uchun-da ochilishi mumkinligini unutmasliklari kerak.

 

50 yoshdan keyin turmushga chiqish: nahotki?!

Ayol 22 yoshida o`g`li bilan beva qoldi. Endigina o`qishni bitirgan yoshgina kelinchak hayotning pastu balandidan birovning madadisiz o`tib, o`g`lini voyaga etkazdi, o`qitdi, uyli-joyli qildi, uylantirdi. Ya`ni hayotining gul faslini bolasi uchun sovurdi. Yoshi ellikdan oshganda, o`g`li oilasi bilan tinib-tinchib, xorijga ishlagani ketganda bir joydan yoshi oltmishlardagi erkakdan sovchi chiqdi. Nega endi turmushga chiqmasin? Chiqdi va baxtli yashab ketdi. Bunday misollar ham talay topiladi. Endi ayol bu yoshda ayol bola tug`ish, uni voyaga etkazish uchun emas, o`zi uchun turmushga chiqayapti. Unga qarib quyilmagan, deb qarovchilar bir-ikki kunda bu voqeani unutadilar, «chaynash» uchun boshqa mavzu topiladi doim. Ayol esa yolg`iz o`zi o`g`lining yo`liga ko`z tikib, kelmasa, «jodugar» kelindan yozg`irib o`tirmaydi. O`z tengi, taqdirning achchiq-chuchugini totgan maslakdoshi bilan hayot gashtini suradi va sokin keksalik tomon uyg`unlikda qadam qo`yadi. 50 deymiz, 60, 70da turmushga chiqqan ayollar ham bor. Odamlarga erish tuyulmasin, hammaning ham baxtli bo`lishga haqqi bor. Yolg`izlik esa faqat Yaratganga xos.

Muhabbatning yoshi yo`q, u istalgan vaqtda kelishi mumkin. Mo«jizalarga ishoning, chunki ular vaqti-vaqti bilan sodir bo`lib turadi.«Moskva ko`z yoshlarga ishonmaydi» filmini eslaysizmi? Kino qahramoni haqiqiy muhabbatini 40 yoshdan keyin topdi. Bu — kino deyishga shoshilmang, bu juda hayotiy kino!

manba: Darakchi.uz

ULASHISH