2017-yildan O‘zbekistonda valyuta siyosatining keng miqyosda liberallashtirilishi kutilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad ichki valyuta bozorini rivojlantirish, uning samaradorligini oshirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyati uchun sharoitlarni yaxshilashdir. “Valyuta siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida muhokama uchun chop etildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Hujjatda valyuta siyosatini liberallashtirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan:

  • Barcha davlat organlari tomonidan boshqarish metodlarining nazorat-cheklashdan himoya-rag‘batlantirishga o‘zgartirilishi, bunda o‘z aktivlarini o‘zi xohlagancha tasarruf qilish huquqi realizatsiyasini ta’minlashni hamda qulay investitsion iqlim va ishbilarmonlik muhitini yaratishni nazarda tutish;
  • Respublika eksport salohiyatining o‘sishini rag‘batlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish;
  • Valyuta operatsiyalari o‘tkazilishida tashqi iqtisodiy faoliyatning barcha ishtirokchilariga teng sharoitlar yaratish, alohida korxona va sohalarga imtiyoz va preferensiyalar taqdim etish amaliyotini taqiqlash;
  • Milliy valyutaning chet el valyutalariga nisbatan kursini faqat bozor mexanizmlaridan foydalangan holda belgilash;
  • Milliy valyuta barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi me’yorlarning qonunchilikda mustahkamlanishiga yo‘l qo‘ymaslik.

O‘rnatilishi rejalashtirilayotgan tartibga muvofiq:

  • O‘zbekiston hududida sotilayotgan (ko‘rsatilayotgan) tovar va xizmatlarning narxlari, shuningdek, jamiyatlarning ustav kapitallariga minimal talablar faqat milliy valyutada belgilanishi lozim;
  • O‘zbekiston hududida tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni chet el valyutasida amalga oshirish qat’iyan taqiqlanadi, to‘lov kartalari orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar bundan mustasno, chet el valyutasidagi to‘lov kartalari orqali to‘lovlarni qabul qilishda mablag‘ni korxonalar hisoblariga O‘zbekiston milliy valyutasida joylash mexanizmi joriy etilishi ko‘zda tutiladi;
  • Davlat bojlari, yig‘imlari va boshqa majburiy to‘lovlar O‘zbekiston hududida faqat milliy valyutada undiriladi, erkin bojxona zonalari hamda O‘zbekiston vakili bo‘lmagan shaxslarning erkin omborlaridan undiriladigan bojxona yig‘imlari bundan mustasno.

Yuridik va jismoniy shaxslarning o‘z mablag‘ini erkin tasarruf qilish huquqining to‘laqonli realizatsiyasi maqsadida quyidagilar belgilanadi:

  • Yuridik shaxslarning valyuta daromadlari hamda hisoblarida chet el valyutasidagi mablag‘lar bo‘lgan taqdirda aksiyadorlar (ishtirokchilar) qarori asosida chet el valyutasida foyda, divident va boshqa turdagi daromadlarni to‘lash ruxsat etiladi;
  • O‘zbekiston hududida jismoniy shaxslar o‘rtasida bank o‘tkazmalari, pochta o‘tkazmalari hamda to‘lov tizimlaridan foydalangan holda chet el valyutasida mablag‘ o‘tkazish ruxsat etiladi;
  • Yakka tartibdagi tadbirkorlarga yuridik shaxs ta’sis etmay turib tovar va xizmatlar importi uchun belgilangan tartibda o‘z hisoblari orqali to‘lovlarni amalga oshirish ruxsat etiladi;
  • Eksportchilar va importchilar imzolagan tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha to‘lov shaklini erkin, o‘z xohishlariga binoan valyuta boshqaruvi qonunchiligi doirasida belgilashi mumkin;
  • 10 ming AQSh dollariga teng summagacha bo‘lgan naqd chet el valyutasini respublika tashqarisiga olib chiqish cheklovlarsiz amalga oshiriladi, hukumat qarorlari bilan belgilangan holatlar bundan mustasno. 2 ming dollarga teng miqdordagacha bo‘lgan naqd chet el valyutasi O‘zbekistonga olib kirilganda yoki O‘zbekistondan olib chiqilganda deklaratsiyaga kiritilishi majburiy emas;
  • Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga O‘zbekiston tashqarisiga naqd chet el valyutasini olib chiqishga ruxsat berilishi amaliyoti bekor qilinadi;
  • O‘zbekiston vakili bo‘lmagan yuridik va jismoniy shaxslar O‘zbekiston banklarida hisoblar ochish hamda o‘z hisoblaridagi mablag‘ni qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda erkin tasarruf qilish huquqiga ega.

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan eksportning amalga oshirilishiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida quyidagilar ko‘zda tutilgan:

  • Eksportchilar va importchilar imzolagan tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha to‘lov shaklini erkin, o‘z xohishlariga binoan valyuta boshqaruvi qonunchiligi doirasida belgilashi mumkin;
  • Eksportchilarning chet el valyutasidagi tushumi, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, majburiy sotilmaydi, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan har yili ro‘yxati tasdiqlanadigan tovar va xizmatlar eksporti bundan mustasno;
  • Eksport-import operatsiyalari bo‘yicha chet el valyutasidagi tushumning hamda tovarlarning (xizmatlarning) kelish muddatlarini birxillashtirish;
  • Yakka tartibdagi tadbirkorlarga yuridik shaxs ta’sis etmay turib ichki valyuta bozorida O‘zbekiston vakili bo‘lgan yuridik shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda chet el valyutasini xarid qilish huquqini taqdim etish.

Alohida tovar va xizmatlar eksportidan keladigan valyuta tushumining majburiy sotilish hajmini bu tartib butunlay bekor qilinguniga qadar bosqichma-bosqich tushirib borish rejalashtirilgan.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan ichki valyuta bozorida chet el valyutasining sotib olinishi va sotilishining yengillashtirilgan tartibini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda, bunda quyidagilar belgilanadi:

  • Joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun chet el valyutasini erkin sotib olish va sotish;
  • Tijorat banklari tomonidan mijozlariga chet el valyutasining o‘z resurslari, shu jumladan, mijozlardan olingan resurslar hisobidan realizatsiya qilinishi, bunda jismoniy va yuridik shaxslar hisoblari va omonatlaridagi mablag‘larning ishonchli saqlanishining ta’minlanishi hamda valyuta pozitsiyasi limitlariga amal qilinishi.

Zamonaviy boshqaruv prinsiplari va mexanizmlarini joriy etish, bank faoliyatida byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, tijorat banklari faoliyatiga ma’muriy aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik va bunday holatlarni butunlay tugatish, shuningdek, ularga xos bo‘lmagan funksiyalarni bekor qilish maqsadida quyidagilar belgilanadi:

  • Mahalliy tijorat banklari tomonidan chet el valyutasida kredit berilishi va to‘lanishi kredit siyosatidan kelib chiqqan holda, tomonlarning kelishuvi asosida amalga oshiriladi;
  • Tijorat banklariga bank xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida mijozlarning chet el valyutasidagi o‘z mablag‘larini erkin tasarruf qilish huquqini cheklash taqiqlanadi;
  • Tijorat banklariga chet el valyutasida operatsiyalar o‘tkazishga litsenziya berilishi amaliyoti bekor qilinadi, tijorat banklari chet el valyutasidagi operatsiyalarni bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida, valyuta birjalari esa chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklifni aniqlash asosida amalga oshiriladi.

Taklif etilayotgan o‘zgarishlarning ta’sirini tahlildan o‘tkazish asosida 2017-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra yangi tahrirdagi “Valyuta boshqaruvi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda, unda quyidagilar inobatga olinadi:

  • Valyuta operatsiyalari o‘tkazishning amaliyotda uchrayotgan barcha jihatlari, havolaki me’yorlarni qo‘llash amaliyotini maksimal darajada qisqartirish;
  • Vazirlar Mahkamasini Markaziy bank bilan bir qatorda valyuta boshqaruvi organi deb tan olish, ularning vakolatlarini aniq ajratish;
  • Yuridik va jismoniy shaxslarning o‘z mablag‘larini erkin tasarruf qilish huquqi realizatsiyasi;
  • O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi barqarorligini ta’minlash;
  • Investitsion maqsadlarda mablag‘larni chet elga o‘tkazishni mamlakat iqtisodiy manfaatlarini inobatga olgan holda boshqarish masalalari.

Qaror loyihasi muhokamasida 2016-yil 14-dekabriga qadar ishtirok etish mumkin.

ULASHISH