19 oktabr kuni Toshkent aeroportidan Navoiyga reysni amalga oshirishi kerak bo’lgan IL-114 samolyoti zudlik bilan yana Toshkentga qaytib qo’ndi. Bu haqda samolyot bortida bo’lgan yo’lovchilardan biri ma`lum qilgan.

Manbaning bildirishicha, Toshkent-Navoiy yo’nalishidagi HU-1347 reysidagi samolyot belgilangan vaqtdan bir soat o’tib havoga ko’tarilgan. Bu holat yo’lovchilarga ob-havoning noqulayligi bilan izohlangan.

Yo’lovchilar o’z joylarini egallab, samolyot havoga ko’tarilgach, 1 soatga yaqin vaqt davomida aeroport osmonida aylanib uchgan. Buning izohi aytilmagan. Yakunda parvoz bekor qilinib, samolyot yana Toshkent aeroportiga kelib qo’ngan.

Yo’lovchilarga ushbu holat texnik nosozlik tufayli yuzaga kelgani aytilgan. Yo’lovchilar va ekipaj a`zolariga hech qanday zarar yetmagan.

Samolyotni yerda yong’in xavfsizligi, favqulodda vaziyatlar, tez tibbiy yordam xizmati xodimlari kutib olgan.

Sayt tahririyati bu vaziyat yuzasidan “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi Axborot xizmati bilan bog’landi. Kompaniya vakilining aniqlik kiritilishicha, ertalabki soat 11:20da reys kechiktirilgan. Bunga noqulay ob-havo sharoiti, xususan, tuman tushgani sabab bo’lgan. Soat 14:22da esa yo’lovchilar o’sha samolyot orqali Navoiyga uchgan, kechikish vaqti — 3 soat.

Manbaning ta`kidlashicha, samolyotda hech qanday nosozlik aniqlanmagan. Samolyotlar parvozga chiqishidan avval, jiddiy tekshiruvlardan o’tkaziladi, noqulay ob-havo tufayli reyslarning qoldirilishi esa oddiy holdir.

Parvozi kechiktirilgan samolyot 15:50da Navoiy aeroportiga yetib borib, 18:00da qaytish reysini amalga oshirgan.

ULASHISH